Bugun Samarqand viloyatidagi barcha ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoni an’anaviy ravishda “Kelajak soati” darslari bilan boshlandi.



Maktablarda bugungi “Kelajak soati” darslari “Jadid bobolarimiz” mavzusiga bag‘ishlanib, o‘quvchilarga milliy ma’rifatparvarlik harakati namoyandalari hayoti va faoliyati haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Shu munosabat bilan viloyatdagi qator ta’lim tashkilotlarida Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ullari ishtirok etib, “Kelajak soati” darslarini o‘tdilar. Darslar davomida o‘quvchilarga jadid bobolarimizning xalq ma’rifati, ilm-fan va milliy uyg‘onish yo‘lidagi fidokorona mehnati haqida qiziqarli ma’lumotlar taqdim etildi.
Jumladan, Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Rustam Yo‘ldoshev Samarqand shahridagi 9-umumta’lim maktabida bo‘lib, 9-sinf o‘quvchilariga “Kelajak soati” darsini o‘tdi. Dars davomida o‘quvchilar bilan ochiq muloqot olib borilib, jadidlarning ma’naviy merosi va ulardan olinadigan saboqlar haqida fikr almashildi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, “Kelajak soati” darslarining mavzulari va mazmun-mohiyatini milliytarbiya.uz platformasi orqali muntazam kuzatib borish mumkin.
🖌Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati
