🔹Yangi O‘zbekiston universiteti hamda Al-Xorazmiy universiteti professor-o‘qituvchilari samarqandlik iqtidorli o‘quvchilar bilan muloqot qildi

Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida Yangi O‘zbekiston University hamda Al-Xorazmiy universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirokida samarqandlik iqtidorli o‘quvchilar bilan ochiq muloqot uchrashuvi tashkil etildi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — o‘quvchilarni mamlakatimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, ta’lim yo‘nalishlari, ilmiy-tadqiqot imkoniyatlari hamda xalqaro hamkorlik dasturlari bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuv davomida universitetlarning xorijlik professor-o‘qituvchilari tomonidan mahorat darslari o‘tildi. Dars jarayonlarida zamonaviy ta’lim metodikalari, innovatsion yondashuvlar, axborot texnologiyalarining ta’lim tizimidagi o‘rni hamda amaliy misollar asosida interaktiv mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Shuningdek, oliygohlarda talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar — zamonaviy laboratoriyalar, IT-parklar, ilmiy markazlar, akademik almashinuv dasturlari, grant va stipendiyalar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Professor-o‘qituvchilar ta’lim jarayonida mustaqil fikrlash, tadqiqot olib borish va xalqaro maydonda raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib yetishishning ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdilar.

Tadbirning eng faol qismi savol-javoblardan iborat bo‘ldi. O‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan mutaxassisliklar, qabul jarayonlari, xalqaro sertifikatlar, ta’lim tili va talabalar hayotiga oid savollar bilan murojaat qilishdi. Mutaxassislar har bir savolga atroflicha va tushunarli javob berib, yoshlarga kelgusi ta’lim yo‘nalishini tanlash bo‘yicha tavsiyalar bildirdilar.

Uchrashuv yakunida bunday muloqotlar yoshlarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularni aniq maqsad sari yo‘naltirish hamda iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.