Hurmatli pedagoglar, millatimiz kelajagi, Vatanimiz ertasi – yoshlar qo‘lida. Bilimdon, zukko, barkamol avlod – ertaga yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shuvchi, uni dunyoga tanituvchi, o‘z hayot yo‘lini topuvchi komil inson bo‘lib yetishadi. Buning uchun, albatta, o‘g‘il-qizlarning bilim olishiga maktab yoshidanoq e’tibor qaratish lozim bo‘ladi.
Avvalo, muallimning o‘zi barchaga ibrat bo‘lib o‘zini ustida muntazam ishlashi, darsliklar va yangi metodikalarni o‘rganib borishi zarur.
O‘zida shakllangan bu ko‘nikma va bilimini o‘qituvchi o‘quvchilarga yetkaza olsagina u haqiqiy ustozdir.
Biz, ustozlar aniq bilamizki, ota-onalar jondan aziz murg‘ak qalb egalari bo‘lgan farzandlarini ilm olishi va tarbiyasini bizga ishonib topshirgan. Bola har jihatdan ko‘proq ustozlariga quloq soladi. Albatta, bu borada ota-onalar bilan muntazam hamkorlikni yo‘lga qo‘yishimiz lozim.
Maktabda odob-ahloq qoidasi va maktabning ichki-tartib qoidasi mavjud bo‘lib, albatta birinchi navbatda o‘qituvchilarni o‘zi bu qoidalarga amal qilishi lozim. So‘ngra o‘quvchilardan talab qila oladi.
O‘quvchi istagan kiyimida maktabga kelaversa, sumkasi (portfeli) bo‘lmasa, o‘quv qurollari bo‘lmasa!.. kitob-daftarsiz maktabga kelsa, dars davomida mavzuni o‘quvchi daftariga yozmasa, uyga vazifani tayyorlamay kelsa, o‘qituvchi o‘quvchidan so‘rov qilmasa qani bizni pedagogligimiz…?. qani o‘z kasbimizga fidoiylik…? qani ota-onalar bilan hamkorlik…?
Shu bilan birga o‘quvchini maktabda o‘zini tutishi, ustozlar va o‘rtoqlariga munosabati, og‘zidan chiqayotgan so‘zlari, bular hammasi ta’lim bilan tarbiyani birga olib borish kerak degani, ikkalasi ajratib bo‘lmas tushuncha emasmi.
O‘qituvchi 45 daqiqali darsni mazmunli o‘tsa, darsga tayyorgarlik ko‘rib kelsa, qo‘shimcha adabiyotlar va ko‘rgazmali qurollardan foydalanib o‘quvchilarni qiziqtirib dars o‘tsa, albatta o‘quvchi shu o‘qituvchini darsini qoldirmaslik uchun harakat qiladi. Aksincha darsga tayyorgarlik ko‘rmasdan, ko‘rgazmali qurollarsiz darsga kirsa, 45 daqiqani nomiga o‘tkazsa, na davomat, na o‘quvchilarni shu fanga qiziqishi, na fanni o‘zlashtirishi va bilimi bo‘ladi.
Maktabda 11 yil o‘quvchilarni o‘qitgan o‘qituvchi har biri o‘ziga savol berishi kerak, o‘zimning fanimdan nechta o‘quvchi oliy ta’lim muassasasiga kirdi, o‘quvchilarim necha baldan oldi, shogirtlarim bugun qaysi davlat idoralari va korxonalarda ishlayapti, nechta o‘quvchim o‘z hayot yo‘lini topdi, qaysi kasbni egasi bo‘ldi, olimpiada va musobaqalarda, ko‘rik-tanlovlarda nechta o‘quvchim g‘olib bo‘ldi, nechta o‘quvchim sertifikat oldi, nechta maktab bitiruvchisi xorijiy tillardan eng bo‘lmaganda so‘zlashishni bilib maktabni tugatayapti, o‘zimni ishim ommalashdimi, yuqori darajadagi toifa va sertifikat oldimmi, maktabim o‘rnini reytingda oldingi o‘ringa olib chiqish uchun men nima hissa qo‘shdim degan savol har bir pedagog ustozni har kuni qiynaydigan savol bo‘lishi kerak.
Bugun davlatimiz tomonidan o‘qituvchilar uchun barcha imkoniyat va imtiyozlar yaratib berilmoqda. O‘zini ustida ishlagan, berilgan imkoniyat va imtiyozlardan to‘g‘ri foydalangan tumanimizda 37 nafar o‘qituvchilarimiz 1000& dan 2000& gacha oylik maosh olmoqda. Albatta bundan imkoniyatlardan barcha o‘qituvchilarimiz foydalanishi zarur.
Hurmatli pedagoglar davlatimiz tomonidan “Pedagoglar maqomi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi, qonun bilan o‘qituvchilarni sha’ni, qadr-qimmati, obro‘yi oshirilib, qog‘ozbozlik va majburiy mehnatdan halos qilindi.
Bugun o‘qituvchilardan faqat sifatli ta’lim-tarbiya berish, o‘zini ustida ishlash, yurtimiz kelajagi uchun munosib kadrlarni tayyorlab berishda fidoyilik ko‘rsatish so‘ralmoqda xalos.
Hurmatli va aziz ustozlar barchangizdan shuni so‘rab qolamanki, bugundan boshlab yurtimiz kelajagi bo‘lgan o‘quvchilarimizga ta’lim-tarbiya berishda bor bilim va tajribalirmizni ishga solib, vijdonan haqiqiy pedagog nomiga mos ravishda foliyat olib borasizlar degan umiddaman.
