⚡️”KЕLAJAK SOATI” DARSI MAVZUSI DOIRASIDA O‘QUVCHILARNING SAMARQAND SHAHRIGA SAYOHATI TASHKIL ETILDI

Bugun yurtimizdagi barcha umumta’lim maktablarida “Kelajak soati” darslari buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazildi. Darslar davomida o‘quvchilarga Sohibqironning bolalik yillari, barpo etgan bog‘lari, shuningdek, davlatchilik tarixida tutgan beqiyos o‘rni haqida qiziqarli ma’lumotlar berildi.

Shu munosabat bilan dam olish kunlari Bulung‘ur tumanidagi 2- va 60-umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari uchun Samarqand shahriga sayohat tashkil etildi. Sayohat davomida o‘quvchilar tarixiy obidalar bilan yaqindan tanishib, Amir Temur hayoti va faoliyatiga oid bilimlarini yanada boyitdilar.

O‘quvchilar sayohat jarayonida Samarqandning betakror me’moriy yodgorliklarini tomosha qilib, milliy merosimizga bo‘lgan qiziqish va hurmat tuyg‘ularini mustahkamladilar. Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.