Samarqand shahrida maktabgacha ta’lim tizimida fransuz tilini o‘rgatishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan muhim seminar tashkil etildi.





Fransiyada bo‘lib o‘tgan Xalqaro Frankofoniya tashkilotining 19-sammiti doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda “Kokoro Lingua” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Shu munosabat bilan Samarqand shahridagi Metodik mahorat markazida “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ‘Kokoro Lingua’ innovatsion fransuz tilini o‘rganish platformasidan samarali foydalanish” mavzusida viloyat seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminarda “Kokoro Lingua” kompaniyasi asoschisi Nathaliye Lesselin, Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi o‘rinbosari Sobir Mirzayev, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Maktabgacha ta’limni muvofiqlashtirish departamenti mutaxassisi Bahromjon Ermatov hamda viloyatdagi barcha tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari mutaxassislari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
Mazkur tajriba asosida 2026 yil yanvar oyidan boshlab Samarqand viloyatidagi 25 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining 70 ta katta va maktabga tayyorlov guruhlarida “Kokoro Lingua” innovatsion platformasi orqali fransuz tilini o‘rgatish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati
