🔹VAZIR O‘RINBOSARI SAMARQAND SHAHRIDAGI MAKTABLARDA BO‘LDI

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyev Samarqand shahridagi ta’lim muassasalariga tashrif buyurdi. Tashrif davomida u 45-umumta’lim maktabida bo‘lib, choraklik sinov baholash (CHSB) imtihonlari jarayonlarini kuzatdi.

Shuningdek, vazir o‘rinbosari maktab rahbariyati bilan muloqot qilib, har dushanba kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Kelajak soati” darslarini sifatli tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Farhod Boqiyev shahardagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga ham tashrif buyurib, bu yerdagi “Jasorat sinfi” o‘quvchilari bilan “Kelajak soati” darslari mavzulari yuzasidan suhbat o‘tkazdi.

Tashrif davomida o‘quv jarayonlarini takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirish hamda o‘quvchilarda mustaqil fikrlash va tashabbuskorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.